Rasmiy munosabat

04.10.2022

«ANOR BANK» AJ  bankning «Daqiqalarda» mikroqarz mahsuloti bo‘yicha quyidagilarni ma'lum qiladi.

Ma'lumki, banklar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan prudentsial normativlarga rioya qilgan holda o‘z faoliyatini amalga oshiradi.

«Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 38-moddasi uchinchi qismiga asosan banklar aktivlar bo‘yicha yo‘qotishlarga oid tavakkalchilikni kamaytirish maqsadida o‘zining kapitalini va likvid resurslarini yetarli darajada saqlab turishi, aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralarni aktivlarini tasniflash asosida shakllantirishi, shuningdek o‘z aktivlarining diversifikatsiya qilinishini ta'minlashi kerak.

Aholining turli qatlamdagi ehtiyojlaridan va imkoniyatlaridan kelib chiqib, bank tomonidan mijozlar uchun kreditlarning miqdori, foiz stavkasi, ta'minoti, qaytarish muddati kabi jihatlarni e'tiborga olgan holda turli xil kredit xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Bank tomonidan mijozlar uchun o’tkazilayotgan aktsiyalar bank xizmatlarini jozibadorligini oshirish, yangi mijozlarni jalb qilish, bank xizmatlarining iste'molchilarini moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida joriy qilingan.

Xususan, hozirgi kunda bank tomonidan «Stimul Layt» rag‘batlantiruvchi aksiyasi joriy qilingan bo‘lib, ushbu aksiya doirasida mikroqarz shartnomasining bazaviy shartlaridan farqli shartlar asosida mijoz tomonidan tanlangan xizmatlar paketidan kelib chiqib kreditlash shartlari qo‘llaniladi.

«Stimul Layt» rag‘batlantiruvchi aksiyasi jami 12 xil xizmatlar paketini o‘zida jamlagan bo‘lib, ushbu paketlar mikroqarz miqdori, foiz stavkasi, foiz hisoblash uchun imtiyozli muddat, rag‘batlantiruvchi foiz stavkasi kabi farqli shartlarga asoslangan bo’lib, mijoz qarzdorlikni belgilangan muddat davomida kechiktirmasdan so‘ndirganligi uchun foiz stavkasini tushirish kabi imtiyoz berish, mikroqarz shartnomasi shartlariga o‘zgartirish kiritishda vositachilik haqidan ozod qilish, kredit tarixini yaxshilash va moliyaviy savodxonlikni oshirish borasida konsalting xizmatlarini ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. 

Xizmatlarning paket turini tanlash mijoz tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi va mikroqarz berishning sharti hisoblanmaydi. Mijoz o‘ziga ma'qul kelgan paketni tanlab, paketdagi xizmatlar va imtiyozlardan foydalana oladi. Har bir xizmatlar paketi uchun oylik to‘lov belgilangan.

Misol uchun «Stimul Layt» aksiyasini faollashtirgan bankning mijozi, oylik paket to‘lovini to‘lash evaziga 2 mln so‘mdan 50 mln so‘mgacha 24 oy muddatgacha 24 foiz stavkasi asosida mikroqarz olish imkoniga ega bo‘ladi. 

Bunda, mijozga 1 kundan 5 kungacha imtiyozli foiz hisoblanmaydigan greys davrga, qarzdorlikni qaytarish muddati buzilmagan taqdirda 12 oydan so‘ng mikroqarz foiz stavkasini 1-1,6 bandgacha pasaytirish hamda hisoblangan foizlardan 3 foiz miqdorida keshbek olish (bunda foiz stavkasi 24 dan 21 gacha kamayadi) kabi jozibador imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Bankning sayti va mobil ilovasida xizmatlar paketini tanlash va tanishib chiqish imkonini beruvchi texnik imkoniyat yaratilgan. 

Bank tomonidan mikroqarzlar ajratishda mijozlarga ushbu aktsiya doirasida xizmatlar paketini ixtiyoriy ravishda tanlash imkoniyati yaratilgan, o‘z navbatida mijozda kreditni bazaviy shartlar asosida yoki aksiya doirasida xizmatlar paketidan foydalangan holda olish imkoniyati mavjud. 

Shuningdek, mijozlarga aksiya qoidalari bilan tanishmasdan turib xizmatlar paketini faollashtirishdan oldin olingan bo‘lib, mijoz ushbu qoidaning ilovasiga muvofiq ariza va/yoki sms orqali hamda kredit shartnomasining qoidalari bilan tanishganligi haqida o‘z roziligini bildirib aktseptlashni amalga oshiradi.

«Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 65-moddasi birinchi qismida bank xizmatlarining iste'molchilari bankni va bank xizmatlarini tanlashda erkindir deb qayd etilgan.

Shuningdek, Sizning so‘rov xatingizda «Daqiqalarda» mikroqarzini olish uchun mijozlarga qo‘shimcha haq evaziga «TRIA» kartasini olishga majbur etilayotganligi qayd etilgan.

Vaholanki, ushbu mikroqarzni olish uchun mijoz tomonidan faqatgina bankning mobil ilovasi orqali bepul «TRIA» virtual kartasini ochishni o‘zi kifoya qiladi. Mikroqarzni olish uchun mijozga bankning pullik «TRIA» plastik kartasini ochish talab etilmaydi.

So‘rov xatida «Daqiqalarda» mikroqarzini berishda va uning reklama-axborotlarida qo‘shimcha paket to‘lovi mavjudligi haqida batafsil ma'lumot berilmaganligi qayd etilgan.

Ta'kidlash lozimki, paket to‘lovi bevosita mijoz tomonidan tanlangan xizmatlar paketi turiga bog‘liq bo‘lib, mijozda sayt yoki mobil ilova orqali «Stimul Layt» rag‘batlantiruvchi aktsiyasi qoidalarida 12 xil turdagi paketlar uchun oylik to‘lov miqdorlari aniq qilib ko‘rsatilgan.

Paket to‘lovi haqidagi ma'lumot mijoz tomonidan mikroqarz miqdori va muddati belgilangandan so‘ng dasturiy ravishda shakllantiriladigan mikroqarzni qaytarish grafigida ham alohida oylik to‘lov sifatida aniq ko‘rsatiladi.

Grafik mikroqarz ajratilgunga qadar mijoz ixtiyoriga taqdim etiladi, ya'ni mijozga mikroqarzning to‘liq qiymati va xizmatlar paketi uchun oylik to‘lovlar miqdori haqida belgilangan tartibda batafsil axborot beriladi. 

Bank tomonidan joylashtirilgan reklama vositalarida mikroqarz to‘g‘risida umumiy ma'lumot berilgan. Xususan, reklama vositalarida “ANORBANK Bir zumda ONLAYN MIKROQARZ Mobil ilova orqali 50 000 000 so‘mgacha” jumlalari qayd etilgan. 

Ushbu mikroqarz reklamasi orqali bankdan 50 mln so‘mgacha mikroqarz olish mumkinligi haqida aniq va lo‘nda umumiy axborot berib ketilgan xolos. 

Mazkur reklamada noaniq, bo‘rttirib yuborilgan yoki yashirib ketilgan hamda iste'molchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itish mumkin bo‘lgan so‘z va jumlalardan foydalanilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018 yil 28 apreldagi 16/18-son qarori bilan tasdiqlangan “Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida”gi Nizom (ro‘yxat raqami 3030, 2018 yil 2 iyul) 3-paragrafida bank faoliyatiga oid reklama tug'rsidagi axborotlar berish asosiy talablari belgilangan.

Shuningdek, mazkur Nizomning 27-bandida kredit shartnomasi tuzilgunga qadar bank iste'molchiga taqdim etadigan axborot ro‘yxati keltirib o‘tilgan.

Mikroqarz olish istagida bankka murojaat etgan mijozlarga bankning mas'ul xodimlari tomonidan mikroqarz bo‘yicha batafsil ma'lumot kredit shartnomasi tuzilgangu qadar taqdim etiladi.

Shuningdek, bankning mobil ilovasi orqali mikroqarz olish istagida bo‘lgan fuqarolarga mobil ilova mikroqarzga oid batafsil ma'lumotlar keltirib o‘tilgan bo‘lib, mijoz ilovada mikroqarzga doir ma'lumotlar bilan tanishib, tegishli hujjatlarni aktseptlaganidan so‘ng mikroqarz taqdim etilishi mumkin.

Yuqorida qayd etilganlardan ko‘rinmoqdaki, bank tomonidan reklama berishda qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilgan bo‘lib, mijozlarga mikroqarz ajratishda bankning qo‘shimcha xizmatlaridan foydalanish shartlari tiqishtirilmagan, mikroqarz haqidagi reklama-axborotlarida mijozlarning ishonchini suiiste'mol qilish, ularning tajribasi va bilimi yetmasligidan foydalanish ko‘zda tutilmagan, shuningdek, bank tomonidan sayt va mobil ilovada vositachilik haqlari, tariflar va kredit olish hamda unga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa to‘lovlarning batafsil ro‘yxati va miqdorlari aniq ko‘rsatilgan.

Bank tomonidan «Stimul Layt» rag‘batlantiruvchi aktsiyasini joriy qilish orqali bank iste'molchilarining moliyaviy savodxonligini oshirish, ularga rag‘batlantiruvchi sharoitlar taqdim qilgan holda mijozda keng ko‘lamdagi xizmatlardan o‘ziga ma'qulini tanlash imkoniyatini yaratish maqsad qilib olingan.

Bank xizmatlari haqida reklama-axborot vositalarida ma'lumot taqdim etishda mijozlarda turli tushunmovchiliklarni kelib chiqishini oldini olish, hamda mijozlarga bank xizmati haqida aniq va tushunarli ma'lumot yetkazish maqsadida ushbu bank xizmatlariga doir sayt va mobil ilovadagi turli talqinlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarni aniqlash va ularni bartaraf etish ustida ishlar yo‘lga qo‘yildi.



Shuningdek o`qing

01.04.2024 Ko'plab talablarga ko'ra “Qulay mikroqarz” uchun 10% chegirmani uzaytirmoqdamiz!
28.03.2024 Endi o'qituvchilar ham ishtirok etmoqda!
01.12.2023 Sizning fransuzcha orzuingiz

Anorbank ilovasi

Qulay va tushunarli interfeys, yangi funksiyalar va imkoniyatlarni yangi ilovamizda topasiz. Shuningdek ilovaning ishlash tezligi ham oshirildi.

Sizning fikr-mulohazangiz uchun tashakkur!

Kerakli ma'lumotni topdingizmi?

Havola bilan bo'lishing: