
ANORBANKning rasmiy bayonoti
Tarmoqda tarqalayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlar haqida
Ijtimoiy tarmoqlarda ANORBANKning ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va manipulyativ da’volarni o‘z ichiga olgan videorolik tarqalmoqda.
Biz mijozlarimiz va jamoatchilikni bunday materiallarga tanqidiy yondashishga hamda faqat bankning rasmiy manbalarida e’lon qilingan ma’lumotlarga ishonishga chaqiramiz.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot platformalari ma’murlari va Telegram-kanallar egalari e’tiboriga murojaat qilib, fakt sifatida taqdim etilgan, biroq tekshirilmagan bayonotlar va subyektiv fikrlarni tarqatmaslikni so‘raymiz.
Ta’kidlash joizki, videorolikda ishlatilgan ayrim iboralar («xalq hisobidan boyiyotgan», «49 foizlik yillik qullik», «odamlarni umrboqiy qarz botqog‘iga botiruvchi tizim» va boshqalar) hissiy baholovchi mulohazalar bo‘lib, bank faoliyatining haqiqiy mazmunini aks ettirmaydi.
Bank mahsulotlarining barcha shartlari, jumladan foiz stavkalari, komissiyalar va talablar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq e’lon qilinadi hamda mahsulot rasmiylashtirilishidan oldin mijozlar uchun ochiq va mavjuddir. Mijoz barcha shartlar bilan tanishganidan so‘ng shartnoma tuzish bo‘yicha qarorni mustaqil ravishda qabul qiladi.
ANORBANK haqiqatan ham vakolatli organ tomonidan reklama materiallaridan biri yuzasidan ko‘rsatma olgan va regulyator talablarini o‘z vaqtida bajargan. Shu bilan birga, bank aksiyalarining shartlari, limitlari yoki komissiyalarini ataylab yashiradi degan da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Barcha aksiyalarning to‘liq shartlari bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi va ishtirok etish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin har bir mijoz uchun ochiqdir. Regulyatorning e’tirozi aksiya shartlarining mavjud emasligi yoki yashirilganiga emas, balki muayyan reklama materialining rasmiylashtirilishiga taalluqli bo‘lgan.
Mazkur holatdan bank faoliyati haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllantirish, shuningdek, kamsituvchi va obro‘sizlantiruvchi da’volarni tarqatish maqsadida foydalanish manipulyatsiya hisoblanadi.
Biz avval ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatishga urinishlarga duch kelganmiz va ishchanlik obro‘mizni izchil himoya qilishda davom etamiz. Mazkur videorolik muallifi bo‘lgan jurnalistga sudgacha bo‘lgan rasmiy talabnoma yuborilgan. Agar bankka nisbatan haqiqatga mos kelmaydigan va uning obro‘siga zarar yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilishi davom etsa, ANORBANK o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan barcha huquqiy choralarni qo‘llash huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Mijozlarimizga ishonchi uchun minnatdorlik bildiramiz. Biz bundan buyon ham ochiqlik, shaffoflik va har bir mijoz bilan mas’uliyatli hamkorlik tamoyillariga sodiq qolamiz.
Iltimos, suhbatni boshlash uchun o'zingizni tanishing